Ommaviy oferta

Dasturiy ta'minotdan foydalanish (SaaS) xizmatlarini ko'rsatish to'g'risidagi ommaviy oferta shartnomasi

Tahrir sanasi va kuchga kirishi: 2026-yil 12-noyabr · Doimiy manzil: dentaflow.uz/oferta

1. Umumiy qoidalar

1.1. Ushbu hujjat O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining ommaviy oferta to'g'risidagi qoidalariga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi va yakka tartibdagi tadbirkor AHMEDOV FERUDIN SAMAD O'G'LI (keyingi o'rinlarda — «Ijrochi») tomonidan noaniq doiradagi shaxslarga qaratilgan.

1.2. Ushbu ofertani aksept qilgan yuridik yoki jismoniy shaxs (keyingi o'rinlarda — «Mijoz») bilan Ijrochi o'rtasida dasturiy ta'minotdan foydalanish xizmatlarini ko'rsatish to'g'risidagi shartnoma (keyingi o'rinlarda — «Shartnoma») tuzilgan hisoblanadi.

1.3. Shartnoma quyidagi qonun hujjatlari asosida tartibga solinadi:

  • O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi
  • «Elektron tijorat to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni
  • «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni
  • «Elektron hujjat aylanishi to'g'risida» va «Elektron raqamli imzo to'g'risida»gi Qonunlar
  • «To'lovlar va to'lov tizimlari to'g'risida»gi Qonun
  • O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va amaldagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar

1.4. Ijrochi ushbu ofertaga bir tomonlama o'zgartirish kiritish huquqiga ega. O'zgartirishlar 5.9-bandda belgilangan tartibda kuchga kiradi.

1.5. Shartnomaning amaldagi tahriri doimo https://dentaflow.uz/oferta manzilida ochiq e'lon qilinadi. Mijoz Xizmatdan foydalanishni davom ettirishi bilan amaldagi tahrirga rozilik bildirgan hisoblanadi.

2. Atamalar va ta'riflar

Platforma / Xizmat — Ijrochiga tegishli DentaFlow nomli bulutli (SaaS) dasturiy ta'minot majmuasi: stomatologiya klinikasini boshqarish tizimi (bemorlar bazasi, navbatlar, tish xaritasi va davolash, to'lovlar, hisobotlar, xodimlar, bildirishnomalar, bemor kabineti, Telegram-bot, sun'iy intellektli yordamchilar va boshqa funksiyalar).

Shaxsiy kabinet — Mijozga ajratilgan, dentaflow.uz saytida kirish (login) orqali ochiladigan yopiq bo'lim (veb va mobil ilova).

Tarif rejasi (Tarif) — Xizmatning funksional hajmi, cheklovlari va narxi belgilangan to'plam (Starter, Pro, Enterprise). Amaldagi tariflar https://dentaflow.uz sahifasida va ilova ichida e'lon qilinadi.

Hisob davri — Xizmat to'langan davr; Tomonlar boshqacha kelishmagan bo'lsa — Mijoz tanlagan 1, 3, 6 yoki 12 oy.

Hamyon (balans) — Mijozning Platformadagi oldindan to'langan ichki hisobi; undan obuna va boshqa pullik xizmatlar to'lanadi.

SMS kredit — SMS xabar yuborish uchun hisobga olish birligi: oylik Tarif doirasida beriladi yoki Ijrochi tomonidan bonus sifatida qo'shiladi. Alohida SMS paketlari sotilmaydi.

AI funksiyalar — sun'iy intellektga asoslangan funksiyalar: ovozli yordamchi «Sofiya», bemorlar uchun AI qabulxona, hujjat va rasmdan ma'lumot o'qish (import), tarjima.

Bemor kabineti — bemorlarga mo'ljallangan, Telegram-bot yoki veb orqali ochiladigan bo'lim.

Sinov davri (trial) — Xizmatdan to'lovsiz tanishish uchun beriladigan muddat (14 kun, aksiya doirasida boshqacha belgilanmagan bo'lsa).

Aksept — Mijozning ushbu oferta shartlarini to'liq va so'zsiz qabul qilishi (3.2-band).

Kontent / Mijoz ma'lumotlari — Mijoz va uning xodimlari tomonidan Platformaga kiritilgan barcha ma'lumotlar, jumladan bemorlar to'g'risidagi ma'lumotlar.

Xodim — Mijoz tomonidan Shaxsiy kabinetga kirish huquqi berilgan shaxs (administrator, shifokor, registrator va boshqalar).

Ish kuni — O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq dam olish va bayram kunlaridan tashqari kunlar.

3. Shartnoma predmeti va aksept tartibi

3.1.1. Ijrochi Mijozga Platformadan Tarif rejasi doirasida foydalanish imkoniyatini (oddiy, mutlaq bo'lmagan foydalanish huquqini) taqdim etadi, Mijoz esa buning uchun ushbu Shartnomada belgilangan tartibda haq to'laydi.

3.1.2. Xizmat «shundayligicha» (as is) va «mavjud bo'lgan holda» (as available) asosida, Platformaning joriy funksionali doirasida taqdim etiladi.

3.1.3. Platformaga mutlaq huquqlar Ijrochida qoladi. Mijozga Platforma nusxasi sotilmaydi va uning kodiga huquq berilmaydi.

3.2.1. Aksept quyidagi harakatlardan istalgan biri bilan amalga oshiriladi:

  • https://dentaflow.uz saytida elektron pochta yoki telefon raqami orqali ro'yxatdan o'tish va klinika hisobini yaratish
  • Shaxsiy kabinetga kirish va undan foydalanish
  • Xizmat uchun to'lovni (jumladan hamyonni to'ldirishni yoki sinov davridan keyingi birinchi to'lovni) amalga oshirish

3.2.2. Aksept qilingan paytdan boshlab Shartnoma yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi va Tomonlar uchun majburiy kuchga ega.

3.2.3. Mijoz aksept qilish bilan quyidagilarni tasdiqlaydi: oferta shartlari bilan to'liq tanishgan va ularga rozi; Shartnoma tuzish uchun zarur huquq va vakolatlarga ega; ko'rsatgan ma'lumotlari to'g'ri va to'liq; Maxfiylik siyosati (https://dentaflow.uz/privacy) shartlari, jumladan ma'lumotlar saqlanadigan joy haqidagi qoidalar bilan tanishgan.

3.2.4. Agar Mijoz yuridik shaxs bo'lsa, aksept qilayotgan jismoniy shaxs shu yuridik shaxs nomidan ish ko'rish vakolatiga ega ekanligini kafolatlaydi.

4. Xizmat ko'rsatish tartibi

4.1. Xizmat internet orqali, kunning istalgan vaqtida (24/7) taqdim etiladi, 4.4–4.6-bandlarda ko'rsatilgan holatlar bundan mustasno.

4.2. Ijrochi Xizmatning yiliga o'rtacha 99% dostupligini (uptime) ta'minlashga harakat qiladi. Ushbu ko'rsatkichni hisoblashda rejalashtirilgan texnik ishlar, fors-major holatlari va Ijrochiga bog'liq bo'lmagan sabablar hisobga olinmaydi.

4.3. Texnik qo'llab-quvvatlash Telegram (@dentaflowuz) va dentaflow.uz@gmail.com orqali ish kunlari 09:00 dan 18:00 gacha (Toshkent vaqti) amalga oshiriladi. Murojaatlarga javob berish muddati — 1 ish kuni ichida.

4.4. Ijrochi rejalashtirilgan texnik ishlarni oldindan 24 soat avval xabar berib o'tkazish huquqiga ega. Shoshilinch (avariya) ishlari oldindan xabarsiz o'tkazilishi mumkin.

4.5. Ijrochi quyidagi hollarda Xizmatni to'xtatib turish (bloklash) huquqiga ega:

  • 5.7-bandga muvofiq to'lov muddati o'tkazib yuborilganda
  • Mijoz 6.4-banddagi taqiqlarni buzganda
  • vakolatli davlat organining qonuniy talabi bo'lganda
  • Platforma xavfsizligiga real tahdid aniqlanganda

4.6. Xizmat 4.5-bandga muvofiq to'xtatilganda Mijoz ma'lumotlari o'chirilmaydi va 9.4-bandda belgilangan muddat davomida saqlanadi.

4.7. Xizmat ko'rsatilgan deb hisoblanadi va Hisob davri uchun dalolatnoma (akt) Tomonlar tomonidan imzolangan hisoblanadi, agar Mijoz Hisob davri tugaganidan keyin 5 ish kuni ichida yozma asoslantirilgan e'tiroz bildirmasa.

5. Tarif, to'lov va hisob-kitob tartibi

5.1.1. Xizmat narxi amaldagi Tarif rejasiga muvofiq belgilanadi va https://dentaflow.uz sahifasida e'lon qilinadi. Ofertaning ushbu tahriri kuchga kirgan paytdagi asosiy parametrlar: Starter — 199 000 so'm/oy (1 shifokor, 500 tagacha bemor, oylik SMS kreditsiz: SMS 5.12-bandga muvofiq hamyondan to'lanadi yoki Mijozning o'z SMS-shlyuzi orqali yuboriladi, bemorlarni import qilish: Excel/CSV cheksiz, rasm/PDF oyiga 30 ta); Pro — 499 990 so'm/oy (10 tagacha shifokor, cheksiz bemor, oyiga 400 SMS kredit, ovozli yordamchi «Sofiya» oyiga 150 daqiqa, AI qabulxona oyiga 600 ta bemor xabari, import: rasm/PDF oyiga 150 ta); Enterprise — kelishiladi (ko'p filial, white-label, API). Aniq tarkib va limitlar Tarif sahifasida ko'rsatiladi va yangilanishi mumkin (5.9.1-band).

5.1.2. Narxlar O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasida — so'mda ko'rsatilgan.

5.1.3. Ijrochi QQS to'lovchisi hisoblanmaydi; narxlarga QQS qo'shilmaydi. Soliq maqomi o'zgargan taqdirda hisob-kitob hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.

5.1.4. Enterprise tarifi va nostandart talablar uchun narx alohida qo'shimcha kelishuv bilan belgilanadi.

5.2.1. Yangi Mijozga 14 kunlik sinov davri beriladi (Pro imkoniyatlari bilan). Sinov davrida Xizmat to'lovsiz taqdim etiladi, ammo butun sinov davri uchun belgilangan limitlar amal qiladi: 100 SMS kredit, ovozli yordamchi 40 daqiqa, AI qabulxona 100 ta xabar, rasm/PDF import 10 ta. Limit tugasa, davom etish uchun to'lov kerak. Ijrochi sinov davridagi imkoniyatlarni istalgan vaqtda cheklash yoki to'xtatish huquqini saqlab qoladi. Sinov davri tugagach to'lov amalga oshirilmasa, Shaxsiy kabinet 4.5-bandga muvofiq bloklanadi. Sinov davri bir Mijozga bir marta beriladi; uni sun'iy ravishda qayta olish (yangi hisoblar yaratish yo'li bilan) shartlarni buzish hisoblanadi.

5.3.1. To'lov oldindan to'lov (predoplata) asosida, tanlangan Hisob davri uchun to'liq summada amalga oshiriladi.

5.3.2. Mijoz Hisob davrini oldindan tanlashi mumkin: 1, 3, 6 yoki 12 oy. Uzoq muddatga to'lovda Ijrochi chegirma belgilashi mumkin (e'lon qilingan bo'lsa). Chegirma ko'rsatilgan davrga to'liq to'langanda qo'llanadi.

5.3.3. To'lov quyidagi usullarda amalga oshiriladi: Click va Payme elektron to'lov tizimlari orqali onlayn (to'g'ridan-to'g'ri yoki hamyon orqali); Tomonlar kelishuviga ko'ra bank o'tkazmasi yoki boshqa qonuniy usullar bilan.

5.3.4. Elektron to'lov tizimlari orqali to'lashda tizim komissiyasi (agar mavjud bo'lsa) Mijoz zimmasida bo'ladi.

5.4.1. To'lov Ijrochining hisob raqamiga pul mablag'lari tushgan paytdan boshlab amalga oshirilgan hisoblanadi. Bank o'tkazmasida mablag' odatda 1–3 bank kuni ichida tushadi; ushbu muddat davomida Xizmat faollashtirilmasligi Ijrochining Shartnomani buzishi hisoblanmaydi.

5.5.1. To'lov tasdiqlangach, Xizmat to'langan Hisob davriga faollashtiriladi. Onlayn to'lov tizimlari orqali to'lovda faollashtirish avtomatik amalga oshiriladi.

5.5.2. Agar Xizmat amaldagi davr tugashidan oldin to'lansa, yangi davr amaldagi davr tugagan kundan boshlanadi (muddatlar qo'shiladi).

5.6.1. Mijoz istalgan vaqtda yuqoriroq tarifga o'tishi mumkin; bunda farq summasi qolgan kunlarga mutanosib ravishda hisoblanadi. Pastroq tarifga o'tish joriy Hisob davri tugaganidan keyin amalga oshiriladi; foydalanilmagan kunlar uchun farq qaytarilmaydi. Tarifni pasaytirishda Mijoz yangi tarif cheklovlariga mustaqil ravishda moslashishi shart.

5.7.1. Hisob davri tugagunga qadar to'lov amalga oshirilmasa, Ijrochi Xizmatni 3 kunlik ogohlantirishdan so'ng to'xtatib turish (bloklash) huquqiga ega. Bloklash davrida Mijoz ma'lumotlari o'chirilmaydi va 9.4-bandda belgilangan muddat davomida saqlanadi. Qarzdorlik to'langach, Xizmat 1 ish kuni ichida tiklanadi.

5.8.1. Ijrochining aybi bilan Xizmat Hisob davrida uzluksiz 24 soatdan ortiq ishlamagan bo'lsa, Mijozning yozma arizasiga ko'ra shu kunlar uchun haq keyingi davrga o'tkaziladi yoki qaytariladi.

5.8.2. Mijozning tashabbusi bilan Shartnoma bekor qilinganda, foydalanilmagan to'liq oylar uchun haq Mijozning yozma arizasiga ko'ra 15 ish kuni ichida qaytarilishi mumkin. Joriy (boshlangan) oy uchun haq qaytarilmaydi.

5.8.3. Xizmat 4.5-bandga muvofiq Mijozning buzilishlari sababli to'xtatilgan bo'lsa, to'langan haq qaytarilmaydi. Pul Mijoz to'lov amalga oshirgan usul va rekvizitlar bo'yicha qaytariladi.

5.9.1. Ijrochi narxlarni va Tarif tarkibini o'zgartirish huquqiga ega. Yangi narxlar to'g'risida Mijoz kamida 30 kalendar kun oldin Shaxsiy kabinet, elektron pochta yoki sayt orqali xabardor qilinadi. Yangi narxlar allaqachon to'langan Hisob davriga ta'sir qilmaydi. Mijoz yangi narxga rozi bo'lmasa, o'zgarish kuchga kirgunga qadar Shartnomani 10-bo'limga muvofiq bekor qilish huquqiga ega.

5.10. Ijrochi qonunchilikda belgilangan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etadi. Tomonlar elektron hujjat aylanishi va elektron raqamli imzodan foydalanishga rozilik bildiradilar.

5.11. Hamyon (balans). Mijoz Click yoki Payme orqali hamyonini to'ldirishi va undan obuna hamda boshqa pullik xizmatlarni to'lashi mumkin. Hamyondagi mablag' — oldindan to'langan haq bo'lib, foizlar to'lanmaydi. Hamyon yetarli bo'lsa, obuna muddati tugashi arafasida tizim to'lovni avtomatik yechib, muddatni uzaytirishi mumkin; mablag' yetarli bo'lmasa, uzaytirish amalga oshmaydi va 5.7-band qo'llanadi (tizim 3 kunlik imtiyozli muddat beradi). Foydalanilmagan hamyon qoldig'i Shartnoma Mijoz tashabbusi bilan bekor qilinganda Mijozning yozma arizasiga ko'ra to'lov usuli bo'yicha qaytariladi (5.8.3-bandda ko'rsatilgan holat bundan mustasno). To'lov tizimi komissiyasi qaytarilmasligi mumkin.

5.12. SMS xabarlar. SMS Tarif doirasida beriladigan oylik kreditlar hisobidan yuboriladi (kreditlar keyingi oyga o'tmaydi); Ijrochi qo'shimcha bonus kreditlar berishi mumkin. Alohida SMS paketlari sotilmaydi. Kreditlar tugagach, SMS faqat Mijozning roziligi bilan (Sozlamalar → SMS) hamyondan to'lanadi: har bir kredit uchun Platformada e'lon qilingan narx yechiladi. Bu imkoniyat sinov davrida qo'llanilmaydi va Ijrochi uni yoqish yoki o'chirish huquqiga ega. Rozilik berilmagan yoki hamyonda mablag' yetarli bo'lmasa, SMS yuborilmaydi. Xizmat SMS 1 kredit, marketing SMS 2 kredit hisoblanadi. Platforma shlyuzi orqali SMS faqat Ijrochi tasdiqlagan klinika nomi bilan yuboriladi; nom tekshiruvda bo'lgan vaqtda SMS yuborilmaydi. Platforma orqali yuboriladigan SMS matnlari shablonlar bo'yicha, SMS-operator tomonidan tasdiqlangan ko'rinishda yuboriladi. Mijoz o'z SMS-shlyuzini ulagan bo'lsa, xabarlar mazmuni, operator shartlari va xarajatlari uchun Mijozning o'zi javobgar. Ijrochi SMS yetkazib berilishini kafolatlamaydi (yetkazish operator va abonent holatiga bog'liq). Mijoz bemorlarga reklama va marketing xabarlarini faqat ularning roziligi bilan yuboradi.

5.13. AI funksiyalar limiti. AI funksiyalar (Sofiya daqiqalari, AI qabulxona xabarlari, rasm/PDF import) Tarifda belgilangan oylik limit doirasida taqdim etiladi, keyingi oyga o'tmaydi. Limit tugasa funksiya to'xtatilishi yoki qo'shimcha to'lov talab qilinishi mumkin.

6. Tomonlarning huquq va majburiyatlari

6.1. Ijrochi majburiyatlari:

  • Xizmatni ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq taqdim etish
  • Xizmatning texnik ishlashini ta'minlash va nosozliklarni oqilona muddatda bartaraf etish
  • Mijoz ma'lumotlarining zaxira nusxasini (backup) muntazam yaratish
  • Mijoz ma'lumotlarining maxfiyligini 8-bo'limga muvofiq ta'minlash
  • Texnik qo'llab-quvvatlashni 4.3-bandga muvofiq ko'rsatish
  • Rejalashtirilgan texnik ishlar to'g'risida oldindan xabar berish

6.2. Ijrochi huquqlari:

  • Platforma funksionalini takomillashtirish, o'zgartirish va yangilash
  • 4.5-bandga muvofiq Xizmatni to'xtatib turish
  • Statistik (shaxssizlantirilgan) ma'lumotlardan Platformani yaxshilash uchun foydalanish
  • Mijozning nomi/logotipidan referens sifatida foydalanish — faqat Mijozning yozma roziligi bilan
  • Ushbu ofertaga 1.4 va 5.9-bandlarga muvofiq o'zgartirish kiritish

6.3. Mijoz majburiyatlari:

  • Xizmat haqini o'z vaqtida va to'liq to'lash
  • Ro'yxatdan o'tishda to'g'ri ma'lumot ko'rsatish va uni dolzarb holatda saqlash
  • Shaxsiy kabinetga kirish ma'lumotlarining (login, parol, PIN) maxfiyligini ta'minlash
  • Xodimlarga kirish huquqini berish va bekor qilishni o'z vaqtida boshqarish
  • Bemorlardan ularning shaxsiy va tibbiy ma'lumotlarini, jumladan ularning ma'lumotlari chet elda saqlanishini (7.6-band) hisobga olgan holda, qayta ishlashga qonunchilikda belgilangan tartibda rozilik olish (7.3-band)
  • Kontentning qonuniyligi uchun javob berish va Xizmatdan qonun hujjatlariga muvofiq foydalanish

6.4. Mijozga taqiqlanadi:

  • Platformani dekompilyatsiya qilish, teskari injiniring, kodini nusxalash
  • Xizmatga ruxsatsiz kirishga urinish, boshqa Mijozlar ma'lumotlariga kirishga harakat qilish
  • Platformani uchinchi shaxslarga qayta sotish, ijaraga berish yoki sublitsenziya berish (Ijrochining yozma roziligisiz)
  • Xizmat ishiga to'sqinlik qiluvchi ortiqcha yuklama, avtomatlashtirilgan so'rovlar (bot, parser) yuborish
  • Platforma orqali qonunga zid, spam yoki uchinchi shaxslar huquqlarini buzuvchi ma'lumot tarqatish
  • Login/parol/PIN-kodni uchinchi shaxslarga berish
  • Bepul sinov davrini sun'iy ravishda qayta olish

6.5. Mijoz huquqlari: Xizmatdan Tarif doirasida to'liq foydalanish; texnik qo'llab-quvvatlash olish; o'z ma'lumotlarini eksport qilish (9.3-band); tarifni o'zgartirish yoki Shartnomani bekor qilish.

6.6. Bemor kabineti, Telegram-bot va oila funksiyasi. Mijoz o'z bemorlarini Bemor kabineti, Telegram-bot, SMS va AI qabulxona mavjudligi hamda ular qanday ishlashi (jumladan, AI bilan muloqot qilayotgani) haqida xabardor qilish uchun javobgar. Bir telefon raqamidan foydalanadigan yaqinlar «oila» sifatida bog'lanishi, katta yoshli a'zoning ma'lumotlarini boshqalarga ko'rsatish va tegishli rozilik olish — Mijozning qaroriga va javobgarligiga kiradi.

7. Shaxsga doir ma'lumotlar

7.1. Tomonlar shaxsga doir ma'lumotlarni «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq qayta ishlaydilar. Batafsil — Maxfiylik siyosatida (https://dentaflow.uz/privacy).

7.2. Rollar taqsimoti. Bemorlar to'g'risidagi ma'lumotlarga nisbatan: Mijoz (klinika) — ma'lumotlar operatori (egasi) hisoblanadi va qayta ishlash qonuniyligi uchun javob beradi; Ijrochi — Mijozning topshirig'i asosida ish ko'ruvchi qayta ishlovchi hisoblanadi va ma'lumotlarni faqat Xizmat ko'rsatish maqsadida qayta ishlaydi.

7.3. Mijoz bemorlardan (va o'z xodimlaridan) shaxsiy ma'lumotlarni, jumladan sog'liq to'g'risidagi maxsus toifadagi ma'lumotlarni qayta ishlashga qonunchilikda belgilangan shaklda rozilik olish majburiyatini to'liq o'z zimmasiga oladi. Ijrochi bunday roziliklar mavjudligi uchun javob bermaydi.

7.4. Ijrochi bemorlar ma'lumotlaridan Mijozga Xizmat ko'rsatishdan boshqa maqsadda foydalanmaydi, ularni sotmaydi va uchinchi shaxslarga bermaydi (7.9-bandda ko'rsatilgan xizmat ko'rsatuvchilar va 8.3-bandda ko'rsatilgan hollar bundan mustasno).

7.5. Ijrochi ma'lumotlarni himoya qilish uchun oqilona tashkiliy va texnik choralarni ko'radi: shifrlash (TLS), kirish huquqlarini rollar bo'yicha cheklash, ijaraviy izolyatsiya (tenant isolation), zaxira nusxalash, kirish jurnallari, fayllarni yopiq omborda saqlash.

7.6. Saqlash joyi. Ma'lumotlar bazasi, fayllar va autentifikatsiya Yevropa Ittifoqidagi (Germaniya, Frankfurt) bulut serverlarida saqlanadi va qayta ishlanadi; ya'ni shaxsga doir ma'lumotlar O'zbekiston hududidan tashqarida joylashadi. Mijoz bemorlar va xodimlardan rozilik olishda buni hisobga olishi shart. O'zbekiston qonunchiligi talablari o'zgarsa yoki Tomonlar kelishsa, Ijrochi saqlash joyini o'zgartirish (jumladan O'zbekiston hududiga ko'chirish) huquqini saqlab qoladi va Mijozni oldindan xabardor qiladi.

7.7. Ijrochi ma'lumotlar xavfsizligi buzilgani aniqlanganda Mijozni 72 soat ichida xabardor qiladi va qonunchilikda belgilangan choralarni ko'radi.

7.8. Mijoz Shartnoma tugagach ma'lumotlarni o'chirishni talab qilish huquqiga ega (9.4-band).

7.9. Ijrochi Xizmat ko'rsatish uchun ishonchli uchinchi tomon xizmat ko'rsatuvchilarni jalb qiladi: Supabase va Vercel (hosting va ma'lumotlar bazasi), Eskiz (SMS), Telegram, Resend (elektron pochta), Click va Payme (to'lov), Anthropic va Google (AI funksiyalar). Mijoz o'zi kalit yaratib Platformani tashqi AI yordamchisiga (masalan, ChatGPT yoki Claude) ulasa, ushbu ulanish faqat o'qish uchun ishlaydi va ma'lumotlar Mijoz tanlagan xizmatga uning shartlari asosida, Mijozning javobgarligi ostida uzatiladi. Ro'yxat va ular qaysi ma'lumotlarni qayta ishlashi Maxfiylik siyosatida ko'rsatilgan va yangilanishi mumkin. Ijrochi ularning ishlashi uchun Mijoz oldida javobgarlikni 11-bo'lim doirasida o'z zimmasiga oladi.

8. Maxfiylik

8.1. Tomonlar Shartnoma doirasida olingan maxfiy axborotni oshkor qilmaslik majburiyatini oladilar.

8.2. Maxfiy axborotga kiradi: Mijoz ma'lumotlari, bemorlar bazasi, moliyaviy ko'rsatkichlar, Platformaning texnik yechimlari, narx shartlari.

8.3. Maxfiylik majburiyati quyidagilarga taalluqli emas: ommaga oshkor bo'lgan axborot; vakolatli davlat organining qonuniy talabi asosida taqdim etilgan axborot.

8.4. Maxfiylik majburiyati Shartnoma tugaganidan keyin 3 yil davomida amal qiladi.

9. Ma'lumotlarga egalik, zaxira va eksport

9.1. Mijoz tomonidan kiritilgan barcha ma'lumotlar Mijozning mulki hisoblanadi.

9.2. Ijrochi ma'lumotlarning zaxira nusxasini kamida sutkasiga bir marta yaratadi va kamida 7 kun davomida saqlaydi.

9.3. Mijoz Xizmat faol bo'lgan davrda o'z ma'lumotlarini mashinada o'qiladigan formatda (CSV/Excel) eksport qilish huquqiga ega.

9.4. Shartnoma bekor qilinganidan yoki Xizmat bloklanganidan keyin Mijoz ma'lumotlari 90 kalendar kun davomida saqlanadi. Ushbu muddat ichida Mijoz ularni eksport qilishi mumkin. Muddat tugagach ma'lumotlar qaytarib bo'lmaydigan tarzda o'chirilishi mumkin.

9.5. Mijozning yozma talabiga ko'ra ma'lumotlar belgilangan muddatdan oldin ham o'chirilishi mumkin.

10. Shartnomani o'zgartirish va bekor qilish

10.1. Mijoz istalgan vaqtda, Ijrochini kamida 10 kalendar kun oldin yozma (elektron pochta orqali) xabardor qilgan holda Shartnomani bekor qilish huquqiga ega.

10.2. Ijrochi quyidagi hollarda Shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega: Mijoz to'lovni 30 kundan ortiq kechiktirganda; Mijoz 6.4-banddagi taqiqlarni jiddiy yoki takroran buzganda; Mijozning harakatlari Platforma yoki boshqa Mijozlarga zarar yetkazganda.

10.3. Shartnoma bekor qilinganda Tomonlar o'zaro hisob-kitobni yakunlaydilar. Shartnomaning bekor qilinishi undan oldin yuzaga kelgan majburiyatlarni bekor qilmaydi.

11. Javobgarlik va uning cheklovlari

11.1. Tomonlar o'z majburiyatlarini bajarmaganlik uchun O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo'ladilar.

11.2. Ijrochining har qanday talab bo'yicha jami javobgarligi Mijoz tomonidan talab yuzaga kelgan sanadan oldingi 3 (uch) oy uchun haqiqatda to'langan summa bilan cheklanadi.

11.3. Ijrochi quyidagilar uchun javobgar emas:

  • bilvosita zarar, boy berilgan foyda, obro'ga yetkazilgan zarar
  • Mijoz yoki uning xodimlari tomonidan kiritilgan ma'lumotlarning to'g'riligi va qonuniyligi
  • Mijoz login/parol/PIN-kodini uchinchi shaxslarga bergani natijasidagi oqibatlar
  • internet-provayder, hosting, SMS-operator, to'lov tizimi, Telegram yoki boshqa uchinchi shaxslar xizmatlaridagi uzilishlar va kechikishlar
  • Mijozning tibbiy faoliyati, qo'yilgan tashxis va davolash natijalari (Platforma faqat yordamchi vosita hisoblanadi)
  • AI-funksiyalar tomonidan generatsiya qilingan matn va javoblarning tibbiy yoki faktik to'g'riligi — ular shifokor yoki mas'ul xodim tomonidan tekshirilishi shart
  • Mijoz ma'lumotlarini o'z aybi bilan yo'qotgani

11.4. AI-funksiyalar to'g'risida alohida izoh. Platformadagi sun'iy intellekt (ovozli yordamchi «Sofiya», bemorlar uchun AI qabulxona, rasmdan ma'lumot o'qish, tarjima) yordamida tayyorlanadigan matn, hujjat va javoblar yakuniy tibbiy xulosa hisoblanmaydi va tibbiy maslahat o'rnini bosmaydi. AI qabulxona faqat klinikaning o'z ma'lumotlari asosida javob beradi va navbatni yozish, ko'chirish yoki bekor qilishni bemorning aniq tasdig'idan keyin bajaradi. AI xato qilishi mumkin: yakuniy qaror va javobgarlik shifokor va klinika zimmasida. Ovozli yordamchi bajaradigan o'zgartirishlar xodimning tasdig'idan keyin amalga oshadi.

11.5. Mijoz Ijrochining aybi bo'lmagan holda uchinchi shaxslar (jumladan bemorlar, nazorat organlari) tomonidan Ijrochiga qo'yilgan talablardan Ijrochini himoya qilish va zararni qoplash majburiyatini oladi.

12. Fors-major

12.1. Tomonlar yengib bo'lmaydigan kuch holatlari (tabiiy ofat, urush, epidemiya, davlat organlarining aktlari, elektr ta'minoti va internetning ommaviy uzilishi, DDoS-hujumlar, hosting yoki bulut xizmat ko'rsatuvchining global uzilishi) tufayli majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgar bo'lmaydilar.

12.2. Bunday holat yuzaga kelgan Tomon ikkinchi Tomonni 10 kalendar kun ichida xabardor qilishi shart.

12.3. Fors-major 2 oydan ortiq davom etsa, har bir Tomon Shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.

13. Nizolarni hal qilish

13.1. Tomonlar nizolarni muzokara yo'li bilan hal qilishga harakat qiladilar.

13.2. Sudgacha (pretenziya) tartibi majburiy. Pretenziya yozma shaklda yuboriladi va 15 ish kuni ichida ko'rib chiqilishi lozim.

13.3. Kelishuvga erishilmasa, nizo Ijrochi joylashgan yer bo'yicha vakolatli sudda (Toshkent shahri) O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ko'rib chiqiladi.

13.4. Shartnomaga O'zbekiston Respublikasi moddiy huquqi qo'llaniladi.

14. Yakuniy qoidalar

14.1. Shartnoma aksept qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi va Tomonlar o'z majburiyatlarini to'liq bajargunga qadar amal qiladi.

14.2. Elektron pochta va Shaxsiy kabinet orqali yuborilgan xabarlar yozma shaklda yuborilgan hisoblanadi.

14.3. Shartnomaning biror bandi haqiqiy emas deb topilsa, qolgan bandlar o'z kuchini saqlaydi.

14.4. Shartnoma o'zbek tilida tuzilgan. Rus va ingliz tillaridagi tarjimalar qulaylik uchun berilgan; tafovut bo'lsa, o'zbek tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.

14.5. Mijoz Shartnoma bo'yicha huquq va majburiyatlarini Ijrochining yozma roziligisiz uchinchi shaxsga o'tkaza olmaydi.

15. Ijrochining rekvizitlari

To'liq nomi
Yakka tartibdagi tadbirkor AHMEDOV FERUDIN SAMAD O'G'LI
Tashkiliy-huquqiy shakli
YaTT
Davlat ro'yxatidan o'tkazilgan
21.07.2026, № 7899373
Guvohnoma raqami
7066643
Manzil
Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Farg'ona yo'li ko'chasi, 25/14, 70-xonadon
JSHSHIR (PINFL)
51810055270011
Bank
«SAVDOGAR» OAT banki
Hisob raqami
2021 8000 1075 0662 0001
MFO
00444
Telefon
+998 94 943-05-03
E-mail
dentaflow.uz@gmail.com
Telegram
@dentaflowuz
Veb-sayt
https://dentaflow.uz